+99890 319-00-83

+99890 937-52-73

Bizga yozing

Yangiliklar

2013-01-31

Buyuk bunyodkorlik ishlarining faol ishtirokchilari

Toshkentda 25-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasining hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu anjuman qo‘mitaning o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati va Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ilgari surilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan ustuvor vazifalar, shuningdek, 2013-yilning mamlakatimizda Obod turmush yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan bajariladigan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.

Konferensiyada tuman, shahar va viloyat xotin-qizlar qo‘mitalarining konferensiyalaridan saylangan delegatlar, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirliklar, idoralar, jamoat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Konferensiya delegatlari Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo‘lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydilar. Ular, shuningdek, Vatanimiz poytaxtida amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlari, yangi mahobatli binolar va sport majmualari qurilishi bilan tanishdilar.

Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlarining respublika konferensiyasi ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov o‘qib eshittirdi.

Konferensiya qatnashchilari Prezidentimiz Islom Karimovning O‘zbekiston xotin-qizlarining respublika konferensiyasi ishtirokchilariga tabrigini ko‘tarinki ruh bilan qabul qildilar. Ular mamlakatimiz xotin-qizlarining huquq va manfaatlarini ta’minlash, jamiyatdagi mavqei va rolini oshirish borasida erishilayotgan barcha yutuqlar davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori va g‘amxo‘rligi samarasi ekanini ta’kidladilar.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Bositxonova qo‘mitaning o‘tgan davrdagi faoliyati va uning istiqboldagi vazifalari haqida ma’ruza qildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekistonda demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini qurishga, hayotning barcha jabhalarini modernizatsiya qilish va yangilashga yo‘naltirilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Mazkur ulkan bunyodkorlik ishlaridan ko‘zlangan asosiy maqsad inson manfaatlarini ta’minlash, mamlakatimizning har bir fuqarosi uchun munosib turmush sharoitini yaratish, milliy va umuminsoniy qadriyatlar asosida odamlarning salohiyatini yanada rivojlantirish, milliy o‘zlikni anglash va jamiyatdagi ma’naviyatni mustahkamlashdan iborat. Mamlakatimizning bu yo‘lda erishgan barcha yutuqlari Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan, bugungi kunda butun dunyoda tan olingan, ijtimoiy yo‘naltirilgan rivojlanishning “o‘zbek modeli” samaralaridir.

Amalga oshirilayotgan chuqur islohotlar doirasida jamiyatda xotin-qizlarning mavqeini yuksaltirishga, ularning intellektual va ma’naviy rivojlanishi, bilim hamda zamonaviy kasblarni egallashi, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy hayotda faol ishtirok etishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Zero, faqat har tomonlama bilimli, oila va jamiyat oldidagi yuksak mas’uliyati va burchini chuqur anglaydigan, o‘zining xayrli ishlari bilan Vatan ravnaqiga hissa qo‘shishga intiladigan xotin-qizlargina buyuk ajdodlarimizning munosib vorislari bo‘la oladigan, yangi hayotni barpo etish bo‘yicha oldimizda turgan eng muhim vazifalarni amalga oshirishga qodir yosh avlodni tarbiyalab voyaga yetkazishi mumkin.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 1991-yil 27-dekabrda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tashkil qilindi. Ushbu nodavlat notijorat tashkilotining asosiy maqsadi – xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, xotin-qizlarning sotsial, ijtimoiy-huquqiy va mehnat jabhasidagi faolligini, huquqiy va iqtisodiy bilim darajasini yuksaltirish bo‘yicha xotin-qizlar tashkilotlari faoliyatining samaradorligini oshirish, shuningdek, ularning ijtimoiy-iqtisodiy holatini yaxshilash va ehtiyojlarini yanada to‘laroq ta’minlashdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 1995-yil 2-mart kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining davlat va ijtimoiy qurilishida xotin-qizlarning rolini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, hududiy xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari esa joylardagi hokimlarning o‘rinbosarlari etib tayinlanishi belgilangan.

Jamiyatimizda xotin-qizlarning mavqeini oshirish borasidagi navbatdagi qadam 2004-yilda O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq. Ularga ko‘ra, siyosiy partiyalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga deputatlikka nomzodlarni ko‘rsatishda xotin-qizlar uchun 30 foizlik kvota ajratilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur me’yorning joriy etilishi natijasida hozirgi paytda xotin-qizlar Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 22 foizni tashkil etadi.

Ushbu barcha chora-tadbirlar xotin-qizlarni ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy rivojlanish masalalarini hal qilishga keng jalb etishga, ularning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirishga, oila, onalik va bolalikni ijtimoiy himoyalash ishlarini kuchaytirishga, shuningdek, vazirliklar, idoralar, hududiy boshqaruv organlari va jamoat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirishga xizmat qiladi.

Qaysi sohada bo‘lmasin, xotin-qizlarning Vatan ravnaqi yo‘lidagi fidokorona mehnati, mamlakatimizda yosh avlodni – jismonan sog‘lom, ma’nan yetuk, intellektual rivojlangan yigit-qizlarni tarbiyalashga qo‘shayotgan ulkan hissasi munosib baholanmoqda. Ular orasida nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham mashhur insonlar – korxonalar, tashkilotlar va NNT rahbarlari, fermerlar, shifokorlar, fan, madaniyat, san’at, ta’lim sohalari namoyandalari ko‘p. Qator xotin-qizlar Vatanimizning yuksak mukofoti – O‘zbekiston Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan.

Mamlakatimizda xotin-qizlarning farovonligini ta’minlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda, qishloqda yashaydigan ayollarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. So‘nggi yillarda qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida minglab zamonaviy, qulay va shinam uy-joylar bunyod etildi. Aholining daromadlari o‘sishi va keng iste’mol kreditlarining tashkil qilinishi samarasida bugun mamlakatimizdagi har bir oilada ayollarning uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillashtiruvchi zamonaviy maishiy texnika mavjud. Oilalarga, birinchi galda, yosh oilalarga ipoteka kreditlarini ajratish orqali uy-joy xarid qilish va qurishda har tomonlama yordam ko‘rsatilmoqda. Xizmat ko‘rsatish sohasi jadal rivojlanmoqda, bu ham ayollarning kundalik turmush tashvishlarini yengillashtirishga ko‘maklashmoqda. Bularning barchasi jamiyatimizda xotin-qizlarga hurmat va e’tiborning naqadar yuksak ekanligidan dalolatdir.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2004-yil 25-mayda qabul qilingan “O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazkur qo‘mita faoliyatini yanada takomillashtirish borasida yangi imkoniyatlar ochib berdi.

O‘tgan davr mobaynida xotin-qizlarning ijtimoiy yo‘naltirilgan davlat siyosatini amalga oshirishdagi ishtirokini kengaytirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi. O‘zbekiston Respublikasining Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazi bilan hamkorlikda bu sohadagi eng muhim xalqaro hujjat – BMTning Xotin-qizlarni kamsitishning barcha shakllariga barham berish bo‘yicha konvensiyasining qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha ikkita milliy harakatlar rejasi ishlab chiqildi va amalga oshirildi. Barcha sohalarda gender tengligini ta’minlash bo‘yicha Mingyillik rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida, jumladan, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari xizmatlaridan umumfoydalanish, xotin-qizlarning davlat va jamiyat qurilishi ishlarida ishtirok etish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha O‘zbekistonda qabul qilinayotgan chora-tadbirlar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak baholanmoqda.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi qoshida Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish sohasida jamoat tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha jamoatchilik kengashi tashkil qilingan. Ta’lim muassasalari, korxonalar, tashkilotlar va mahallalarda “Sog‘lom ona – sog‘lom bola” dasturi doirasida aholining tibbiy madaniyatini oshirish, yoshlarda sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini tarbiyalash, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash bo‘yicha ma’rifiy ishlar olib borilmoqda. Adliya organlari bilan hamkorlikda o‘rta maxsus o‘quv yurtlarida “Yosh oilalar maktablari” tashkil qilingan. Murakkab turmush sharoitiga tushib qolgan xotin-qizlarga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda. Psixologlar, yuristlar, mahallalar faollari ishtirokida oilalardagi ma’naviy-axloqiy muhitni yaxshilash ishlari izchil olib borilmoqda.

Mamlakatimizda oilaviy sport, xotin-qizlar va bolalar sporti jadal taraqqiy etmoqda. Barcha hududlarda xotin-qizlar uchun 39 sport turi bo‘yicha 35 ming seksiya tashkil qilingan. Ularda bugungi kunda 3,5 milliondan ziyod xotin-qiz shug‘ullanmoqda. Har yili hududiy xotin-qizlar sport festivallari o‘tkazilmoqda. Ayollarni, ayniqsa, qizlarni jismoniy tarbiya va sportga ommaviy jalb qilish ularning salomatligini mustahkamlash, hayot sifatini yuksaltirish imkonini bermoqda. O‘zbekistonda mustaqillik yillarida xotin-qizlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 7-yilga uzayib, hozirgi kunda 75 yoshni tashkil etayotgani bundan yorqin dalolatdir.

Xotin-qizlar bandligi masalalarini hal qilishga, birinchi galda qishloq joylarda ularning mehnat sharoitlarini yaxshilashga, ularni tadbirkorlik faoliyatiga, avvalo, kichik va oilaviy biznes sohalariga, xizmat ko‘rsatish, fermerlik va kasanachilikka jalb qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ularga o‘z biznesini ochishi uchun ajratilayotgan kreditlar hajmi ortib bormoqda. Faqat o‘tgan yilning o‘zida tijorat banklari tomonidan tadbirkor ayollarga 491,7 milliard so‘mlik kreditlar ajratildi.

Mamlakatimiz Prezidentining 2004-yil 25-mayda qabul qilingan farmoniga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarida diniy ma’rifat va ma’naviy-axloqiy tarbiya masalalari bo‘yicha maslahatchi lavozimlari joriy qilingan. Ushbu muhim vazifalarni aholi o‘rtasida obro‘ qozongan, chuqur bilim va boy hayotiy tajribaga ega ayollar bajarmoqda. Ularning faoliyat doirasiga jamiyatda milliy va umuminsoniy qadriyatlarni mustahkamlash, xalqimizning eng yaxshi an’analarini, mehr-muruvvat, bag‘rikenglik, saxovat kabi fazilatlarni rivojlantirishga oid masalalar kiradi. Ayni paytda mahallalar maslahatchilari xotin-qizlar va yosh avlod vakillari o‘rtasida turli buzg‘unchi kuchlar tomonidan ularning ongiga ta’sir o‘tkazishga bo‘layotgan urinishlarga nisbatan ma’naviy yetuklik va qat’iyatli bo‘lish fazilatlarini tarbiyalash bo‘yicha izchil ishlarni olib bormoqda.

Davlatimiz rahbari har tomonlama barkamol yoshlarni, shu jumladan qizlarni tarbiyalash borasida alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatmoqda. Mamlakatimiz Prezidenti tashabbusi bilan Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’sis etilgan. Ushbu mukofot o‘qishda, ijodda va ijtimoiy hayotda yuksak natijalarga erishgan qizlarga beriladi.

Konferensiyada erishilgan yutuqlar bilan bir qatorda, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, uning hududiy bo‘linmalari va tuzilmalari faoliyatida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ham muhokama qilindi, ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi. Ta’kidlandiki, mamlakatimizning xotin-qizlar tashkilotlari ulkan salohiyatga va foydalanilmayotgan imkoniyatlarga ega. Xususan, ularning mamlakatimizda, birinchi navbatda joylarda amalga oshirilayotgan islohotlardagi rolini, barkamol yosh avlodni tarbiyalash, xotin-qizlar va yoshlarning ongi va dunyoqarashini kengaytirish, shu jumladan onalik va bolalikni muhofaza qilish, ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish, yosh oilalarga har tomonlama yordam ko‘rsatish, xotin-qizlar tadbirkorligini keng rivojlantirish bo‘yicha ishlarni yanada faollashtirish jarayonidagi ishtirokini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Konferensiyada bu vazifalarning barchasi mamlakatimizning hozirgi zamonaviy rivojlanish tendensiyalariga mos ravishda O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi faoliyatini yanada yuqori darajaga ko‘tarishni, ayni paytda mamlakatimizning davlat va jamoat tashkilotlari bilan ijtimoiy sheriklik munosabatlarini mustahkamlashni taqozo etayotgani ta’kidlandi.

Muhokamada konferensiya delegatlari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, Toshkent shahar hokimining o‘rinbosari F.Abdurahimova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi xotin-qizlar qo‘mitasining raisi Z.Ibrohimova, viloyat hokimlarining o‘rinbosarlari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitalarining raislari – I.Karimova (Qashqadaryo viloyati), M.Azizova (Namangan viloyati), S.Fayziyeva (Toshkent viloyati), xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashi deputati, Forish tumanidagi «Forteks» korxonasi rahbari B.To‘rayeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureati, Qashqadaryo viloyati Muborak tumani Issiqlikelektrmarkazining ilmiy xodimi X.Xoliqova, Toshkent viloyati ichki ishlar boshqarmasining yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha bo‘lim inspektori Sh.Hidoyatova, Farg‘ona viloyati Uchko‘prik tumanidan kasanachi I.Rashidova va boshqalar so‘zga chiqdi.

Konferensiya ishtirokchilari muhokama natijalari bo‘yicha Mamlakatimizda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, 2013-yilning Obod turmush yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Mamlakatimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirish va oilani mustahkamlashda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish, ularning davlat va jamiyat qurilishidagi keng ishtirokini ta’minlash bo‘yicha 2013-2014-yillarga mo‘ljallangan Harakat dasturini qabul qildi. Ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini yanada to‘laroq ta’minlash maqsadida belgilangan yangi vazifalar alohida dolzarb ahamiyatga ega ekani ta’kidlandi. Zero, bu vazifalarning amalga oshirilishi ushbu jarayonlarni yanada chuqurlashtirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Konferensiya delegatlari, shuningdek, ushbu vazifalarning joylardagi muhokamasi va xotin-qizlar qo‘mitalarining O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan chuqur demokratik islohotlardagi ishtirokini faollashtirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Konferensiyada O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining Ustavi yangi tahrirda qabul qilindi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi boshqaruvining tarkibi saylandi. O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasining raisi etib E.Bositxonova saylandi.

Konferensiyada O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.Mirziyoyev so‘zga chiqdi.