Yangiliklar
2013-01-31
Xorijiy tillarni bilish – davr talabi
Poytaxtimizdagi nemis tiliga ixtisoslashgan 60-umumta’lim maktabining 15 nafar o‘qituvchisi O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Multimediali umumta’lim dasturlarini rivojlantirish markazida “Interfaol doskalar bilan ishlash murabbiyi” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qitildi. Bu esa o‘quv muassasasida xorijiy tillarni o‘zlashtirish jarayoniga eng zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish imkonini beradi. Xususan, interfaol doskalar imkoniyatlaridan foydalanish xorijiy tillarni o‘qitishni yanada samarali va sifatli bo‘lishini ta’minlabgina qolmay, uni har bir bolani qiziqtirib qo‘yadigan zavqli o‘yinga aylantiradi.
Barcha sohalarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va texnik taraqqiyotning jadal rivojlanayotganini hisobga olsak, xorijiy tillarni o‘zlashtirish kishilarning muomala madaniyatini shakllantirish va rivojlantirishga xizmat qilayotganini ko‘ramiz. Shu bois, zamonaviy axborot texnologiyalari va media-texnologiyalardan foydalangan holda, umumta’lim maktablarida xorijiy tillarni o‘qitish darajasi va sifatini oshirish hamda o‘quv jarayonini yanada samarali va qiziqarli bo‘lishiga xizmat qiladigan o‘qitishning innovatsion usullarini joriy qilish katta ahamiyat kasb etadi. Bunda o‘quvchilarning yosh xususiyatlarini hisobga olish muhim yo‘nalishlardan biridir. Zero, kichik yoshdagi bolalar xorijiy tillarni osonroq o‘zlashtirishi hech kimga sir emas.
Prezidentimiz Islom Karimovning 2012-yil 10-dekabrda qabul qilingan “Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 2013-2014 o‘quv yilidan chet tillar umumta’lim maktablarining birinchi sinflaridan o‘yin tarzidagi darslar va og‘zaki nutq darslari shaklida, ikkinchi sinfdan esa, alifbo, o‘qish va grammatikani o‘zlashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich o‘qitila boshlanadi. Mazkur o‘zgarishlarni amalga oshirishda xorijiy tillarga ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktablari muhim rol o‘ynaydi. Nemis tiliga ixtisoslashgan 60-davlat umuta’lim maktabi shular jumlasidandir.
– Bugungi kunda chet tillarini bilish kishiga cheksiz imkoniyatlar eshigini ochadi, uning dunyoqarashini kengaytirishga yordam beradi, – deydi 60- umumta’lim maktabi direktorining o‘rinbosari T.Romanova. – Ko‘pchilik ota-onalar farzandlarining chet tilini puxta o‘rganishini istaydi, shu bois, bolalarini xorijiy tillarni chuqur o‘rgatishga ixtisoslashgan maktablarga berishga harakat qiladi. Hozirgi kunda maktabimizda 2273 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda. Maktabimizda nemis tilini o‘rgatishga boshqa umumta’lim maktablariga nisbatan ko‘proq e’tibor qaratiladi va ko‘p vaqt ajratiladi. O‘quv dargohimizda yuqori malakali mutaxassislar, birinchi va oliy toifali o‘qituvchilar dars beradi, ularning darslari esa o‘quvchilarning bilim olishga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytiradi.
Maktabda nemis tili darslari ikkinchi sinfdan boshlab o‘qitiladi. Ushbu fan uchun haftasiga olti soat ajratilgan. Oddiy umumta’lim maktablaridan farqli ravishda, bu yerda bolalarda muayyan lug‘at boyligini shakllantirish yoki grammatika qoidalaridan to‘g‘ri foydalanishga erishish bosh maqsad etib qo‘yilmaydi. Eng avvalo, bolalar nemis tilida so‘zlashishni, undan keyin erkin muloqot qilishni o‘rganishi lozim. O‘qitish tizimi to‘la band bo‘lish va avtomatik tarzda eslab qolish prinsiplari asosiga qurilgan. Darslar nemis tilida o‘tiladi, bolalar zarur so‘z va iboralarni avtomatik tarzda eslab qoladi va grammatikani o‘zlashtirib boradi.
O‘qish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, har bir bosqich yakunida bolalar imtihon topshiradi va ta’lim jarayoni yakunida ularga tegishli diplom beriladi. Davlat attestatidan tashqari ularga sertifikat ham topshiriladi. Uning asosida to‘qqizinchi sinfni tugatgan bitiruvchilar til yo‘nalishidagi xorijiy o‘quv muassasasiga nemis tilidan imtihonsiz o‘qishga kirish huquqiga egadir.
Maktabdagi mashg‘ulotlar barcha zamonaviy axborot va media texnologiyalari imkoniyatlaridan foydalangan holda olib boriladi.
– Axborot texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni o‘quv jarayoniga yanada integratsiyalash o‘qitishning yangi uslublarini yaratishda ulkan imkoniyatlar ochadi, – deydi nemis tili o‘qituvchisi I.Magda. – Ko‘plab o‘quvchilarimiz internetdan foydalana oladi, bu ularga darslarga tayyorlanish, qo‘shimcha adabiyot va darsliklar, o‘quv saytlarini topishda qo‘l keladi. Maktabimizning ayrim o‘quvchilari til o‘rganish bo‘yicha onlayn kurslarda ham shug‘ullanadi. Men odatda bolalarga ijodiy topshiriqlar beraman. Bunda bolalar bir nechta mavzu orasidan bittasini tanlashi lozim. O‘quvchi shuning asosida internetdan material topadi va nemis tilida matn tuzib, o‘z ishini slayd-shou shaklida taqdim etadi.